Sherlar, Tarjimalar, Adabiy va Tarihiy mavzudagi maqolalar

     Nasriddin Muhammadiyev (Nosir Muhammad) 

         1946 yilning 2 dekabrida Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ qo‘rg'onida o‘qituvchi oilasida  tug‘ilgan. 1968 yili Toshkent Davlat universitetining filologiya fakultetini imtiyozli diplom bilan bitirib, "Toshkent oqshomi" gazetasi tahririyatida o‘z mehnat faoliyatini boshladi.

         1969-70 yillarda harbiy xizmatda bo‘ldi va undan qaytib yana "Toshkent oqshomi" gazetasidagi ishini davom ettirdi. Milliy universitetning sharqshunoslik fakulteti qoshidagi kechki 2-yillik fors tili kursini bitirib, 1976-79 yillari Eronda fors tili tarjimoni bo‘lib ishladi.

        1983 yili "Yoshlik" jurnaliga ishga o‘tib, 1985-93 yillari jurnalning mas’ul kotibi bo‘ldi. 1993 yili O‘zbekiston Milliy axborot agentligining  xalqaro axborotlar tahririyati bosh muharriri etib tayinlandi.

         1994 yili Tashqi ishlar vazirligiga ishga o‘tdi. Dastlab Matbuot xizmatida, keyinchalik "Jahon" axborot agentligida faoliyat olib bordi.

         1995 yili Berlinda xalqaro jurnalistika bo‘yicha ikki oylik kursni bitirdi.

        1996-99 yillari O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasida Matbuot kotibi bo‘lib ishladi. Elchixonadagi ishi davomida Anqara universitetining turk tilini o‘rganish markazida ta'lim oldi. Turk tilida "O‘zbekiston" qo‘llanmasini nashr etdi. Uning tashabbusi bilan Amir Temur va Alisher Navoiyga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazildi.

         N.Muhammadiyev O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi (1972) va Yozuvchilar uyushmasi (1989) a’zosi, 20 dan ortiq she’riy va ilmiy-ommabop kitoblar muallifi. Matbuotda uning siyosiy va madaniy mavzulardagi maqolalari muntazam e’lon qilinadi.

         1980-1996 yillari u O‘zbekiston televideniyesi va radiosining shtatsiz xalqaro sharhlovchisi sifatida tanildi.

         1999-2005 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmatining yetakchi konsultanti bo‘lib ishladi. 2005 yildan buyon Respublika baynalmilal madaniyat markazi direktori.

         O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi.

         O‘zbek va rus tillaridan tashqari fors, turk, nemis tillarini biladi.